Ma'lumki, 2018 yilning 4-6 kunlari Namangan viloyati bo'ylab Qur'on qiroati musobaqasi bo'lib o'tishi ko'zda tutilgan. Biz “Muslimaat.uz” sayti jamoasi Namangan shahridagi “Hazrati Langar” jome masjididan Namangan viloyati Yangiqo'rg'on tumanida joylashgan “Qulluqtol” jome masjidida bo'lib o'tayotgan navbatdagi Qur'on qiroati musobaqasiga etib keldik. Aytishlaricha, bu erda Namangan, Norin, Yangiqo'rg'on, Kosonsoy tumanlari bo'yicha ishtirokchilar o'z qiroatlari bilan qatnashmoqdalar.
Ushbu musobaqa hay'atiga “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o'rta maxsus Islom bilim yurti katta mudarrisasi Poshshaxon Eshonxon qizi (Qutbiddinova Muxarramxon) rahbarlik qilmoqda.
Biz 3-4 ta ishtirokchilar qiroati va tilovatini tinglagach, musobaqa yakuniga etdi. Sababi ba'zi nomlari o'qilgan ishtirokchilar musobaqaga kelisholmagan. Shunday bo'lsa-da, ko'ngilli qoriyalar ham o'z qiroatlari bilan qatnashib, barcha yig'ilganlarga xushnudlik ulashishdi.
Bizga xabar berishlaricha, Namangan viloyatining, ayniqsa, Kosonsoy tumanida qori-qoriyalar ko'p ekan.
“Muslimaat.uz” qizlari guvoh bo'lgan yana bir xayrli ish shu bo'ldiki, yig'ilgan ayol-qizlarga masjid rahbariyati va homiylar tomonidan tasbeh tarqatildi.
Nihoyat, hay'at a'zolari qizg'in bahs-munozaradan so'ng g'olibalar ro'yxatini e'lon qilishdi. Natijalarga ko'ra, quyidagilar yuqori o'rinlarga munosib ko'rildilar:
18-25 yoshli ayol-qizlar bo'yicha:
1-o'rin: Abdulaxatova Muqaddam
2-o'rin: Murodova Xadicha
3-o'rin: Ahmedova Pokiza
26-40 yoshli ayol-qizlar bo'yicha:
1-o'rin: Xudoynazarova Bibixojar
2-o'rin: Abdurahmonova Nodirabonu
3-o'rin: Ahmedova Yorqinoy va Yusupova Muattar
Musobaqada g'oliblikni qo'lga kiritganlarga qimmatbaho esdalik sovg'alari va faxriy yorliqlar topshirildi.
Biz g'olibalarga Alloh taolodan fayzu baraka va muvaffaqiyatlar tilagan holda Qur'on qiroati musobaqasini yoritishda davom etamiz.
Biz bilan qoling…
Zuhraxon HAMDAMOVA